MUZRABOT TUMANI HOKIMI ABDURASHID XUDAYAROVICH ISMAILOVNING
YANGI YIL BAYRAM TABRIGI
Qadrli tumandoshlar! Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlangan 2023 yilning ham moziyga aylanish arafasida turibmiz. 2023 yilda mamlakatimizda keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar o‘tkazildi. Eng avvalo, o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq o‘tkazilgan prezidentlik saylovi esa yana bir karra jamiyatimizning siyosiy yetukligi, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz to‘liq qo‘llab-quvvatlaganidan dalolat berdi. Bu islohotlarni ro‘yobga chiqarishda tumanimiz ahli ham faol qatnashib, xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha bunyodkorlik ishlarida sobitqadam bo‘lmoqdalar.
Tarixga aylanayotgan yilimiz muzrabotliklar uchun misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritish yili bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, pillachilarimiz 2443 quti ipak qurtini parvarishlab, davlatimiz xazinasiga 142,1 tonna qimmatbaho “kumush tola” yetkazib berib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan uddaladilar. G‘allakorlarimiz dehqonchilik qilingan 10700 gektar yerning har gektaridan o‘rtacha 76 sentnerdan, jami 81 357 tonna “oltin boshoq” xirmoni tikladilar. Shartnomaviy rejaga ko‘ra, shundan 34 184 tonna don davlatga sotilib, yillik reja 102,4 foizga bajarildi.
Tumanda yetakchi tarmoq bo‘lgan paxtachilikda erishilgan yutuqlar, ayniqsa, quvonchli bo‘ldi. 9200 gektar ekin yer maydonida 207 ta fermer xo‘jaliklari hamda 2 ta klaster bilan fyuchers shartnomasi tuzilib, 32 388 tonna o‘rniga 36 227 tonna “oq oltin” xirmoni tiklandi. hosildorlik gektar hisobiga 39,4 sentnerni tashkil etdi, shartnomaviy reja 112 foizga bajarildi. Shuningdek, tumanda sholichilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va issiqxona xo‘jaligida salmoqli natijalar qo‘lga kiritilib, ichki va tashqi bozorga sifatli mahsulotlar yetkazib berildi.
Tumanimizda yilning o‘n bir oyi davomida 607,1 milliard so‘mga teng xizmatlar ko‘rsatilib, o‘sish sur’ati 109,2 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon 148 ta kichik xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, 285 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Tuman hududidan o‘tgan M-39 xalqaro avtomobil yo‘li yoqasida 2 milliard 655 million so‘mlik 6 ta yangi loyihalar ishga tushirildi. “Obi-hayot” mahallasi Istiqlol ko‘chasini maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha 5,5 milliard so‘mlik 17 ta loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 29 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Joriy yilning o‘n bir oyida tashqi savdo aylanmasi 12 million 844,8 ming AQSh dollariga to‘g‘ri keldi. Jumladan, eksport hajmi 9 million 815,3 ming, import esa 3 million 29,5 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Tumanda chakana savdo aylanmasi 747,7 milliard so‘mga yetdi.
Davlatimiz tomonidan farzandlarimizni zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda ta’lim va tarbiya olishlari uchun katta e’tibor qaratilib kelinyapti. Ta’lim maskanlari yildan-yilga zamonaviy tus olmoqda, ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanmoqda. Xususan, barcha umumta’lim maktablarida ta’mirlash ishlari olib borildi. 4-umumta’lim maktabida 210, 6-umumta’lim maktabida 180-o‘ringa ega bo‘lgan qo‘shimcha binolar qurildi. 9, 15, 22, 39-umumta’lim maktablari binolari mukammal ta’mirlandi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni ham ko‘paydi.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tobora yaxshilanib borayapti. 2023 yilda loyiha qiymati ikki milliard 524 million so‘mlik ko‘p tarmoqli poliklinikaga qo‘shimcha 50 qatnovga mo‘ljallangan ikki qavatli bino qurilib foydalanishga topshirildi. 47-son oilaviy poliklnikaning “Beshqo‘ton” filiali 1 milliard 867 million so‘mga kapital ta’mirlanib, oilaviy shifokorlik punkti sifatida qayta tiklandi. 48-oilaviy poliklnikasining “Oqtoshobod” filiali uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. 51-oilaviy poliklinika uchun 1 milliard 200 million so‘mlik tashabbusli byudjet mablag‘i hisobidan 2 qavatli bino qurilishi nihoyasiga yetkazilyapti.
“Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturi asosida “Bog‘i eram” mahallasida amalga oshirilgan ishlar diqqatga sazovor. Mahalla hududi bugun tamoman yangicha, zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Yil davomida sportchilarimiz ham qo‘lga kiritgan yutuqlar g‘oyat quvonchli bo‘ldi. Sportchilarimiz Jahon va O‘zbekiston chempionatlari hamda respublika kubogi musobaqalarida qatnashib, 10 ta oltin, 13 ta kumush, 16 ta bronza medallarining sohibi bo‘ldilar. Ayniqsa, Behruz Toshboev, Muxlisa Begimqulova, Sabrina Eshbo‘rieva, Asirbek Norqulov, Asadbek Mujassatov, Amriddin Hayitov, Ozodbek Choriev, Husniddin Ro‘ziev, Sarvar Xushvaqtov, Ozodbek Ochilovlar shohsupaning birinchi pog‘onasini band etgani tumandoshlarimiz uchun sharaf va iftixor hisoblanadi.
Aziz muzrabotliklar! 2024 yilda oldimizda yanada ulkan vazifalar turibdi, albatta. Muzrabotliklarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan muborakbod etib, barchalariga mustahkam sog‘liq, ezgu ishlariga omadlar tilayman.
Aziz va qadrli tumanimiz ahli!
Barchangizni Yangi – 2024 yil bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!
Yangi yilimiz qutlug‘ va barakali kelsin!
Keksalarimizning umrini, yoshlarimizning kamolini bersin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!
© Muzrabot tumani hokimligi veb-saytlari 2024