Muzrabot tumani hokimi Abdurashid Xudayarovich ISMAILOVning 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar! Qadrli faxriylar!
Avvalo sizlarni yurtimiz bo‘ylab nishonlanayotgan kasb bayramlaringiz bilan tabriklayman!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishganidan buyon mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim-tarbiya ishlariga, xususan, o‘qituvchining mehnatiga alohida hurmat-e’tibor qaratib kelinyapti. Sirasini aytganda, bu an’ana uzoq o‘tmishdan boshlanib, qadimdan xalqimiz o‘z farzandini ustozining inon-ixtiyoriga topshirarkanda soddagina qilib, “eti sizniki, suyagi bizniki” deb xitob aylarkan. Aslida, “Ustoz – otangdek ulug‘” degan purhikmat ibora ham shundan kelib chiqqan.
Bugun jahonga dong taratib, dunyo tamaddunining tamal toshini qo‘ygan Birinchi, Ikkinchi renessans ijodkorlari ham shu zaminda tug‘ilib, insoniyatni lol qoldirgan. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida Uchinchi renessans yaratuvchilari ham O‘zbekistonda kamol topayapti.
Yaqindagina qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida o‘qituvchi maqomi, obro‘-e’tibori o‘zining haqqoniy ifodasini topdi. Asosiy qonunimizning 52-moddasida ta’kidlanganidek, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishining asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tumanimizda ham izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Xususan, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 57 ta umumiy o‘rta ta’lim va 1 ta “Barkamol avlod” maktablari, 23 ta davlat maktabgacha, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 120 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, Muzrabot xizmat ko‘rsatish texnikumi, Muzrabot pedagogika kolleji, Muzrabot kasb-hunar maktabi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muzrabot tumani ixtisoslashtirilgan maktabida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi keng joriy qilinmoqda. Darvoqe, 2023-2024 o‘quv yilida bilim maskanlarini ta’mirlash va qayta rekonstruksiya qilish uchun byudjetdan orttirilgan mablag‘ hisobidan 12 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratildi. Bu mablag‘lar evaziga o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olishini sifatli ta’minlash bilan birga fan o‘qituvchilarining namunali dars o‘tishi, ularning zamonaviy talablarga javob beradigan imkoniyatlar yaratishiga ham yo‘l ochildi.
Bugun shuni alohida aytish joizki, zamonaviy bilim sirlarini egallagan o‘qituvchilarimiz o‘z zimmasidagi mas’uliyat hissini chuqur anglab kelajakka sarmoya qo‘ymoqdalar. Zotan, tumanimizda o‘tgan o‘quv yilida 11-sinf-ni bitirgan 1675 nafar yigit-qizlarning 54 nafari “oltin”, 4 nafari “kumush” medallari bilan taqdirlandilar. Ularning 741 nafari oliy o‘quv yurtlariga, jumladan, 344 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bu albatta, ustozlarimizning o‘z ustida tinimsiz ishlayotganlarining samarali va quvonchli natijasidir. Shuningdek, bitiruvchilarimizning 155 nafari o‘rta maxsus ta’limi bilim yurtlariga, 779 nafarining esa mahalladagi tuman hokimi yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va soliq xodimi hamkorligida bandligi ta’minlandi.
Hammamiz maktab ta’limini olganmiz. o‘qituvchi va murabbiylar jamiyatimizdagi eng hurmatga sazovor asil ziyolilar, har birimizning muqaddas ustozlarimizdir.
Siz, azizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, muhtaram ustozlar!
© Muzrabot tumani hokimligi veb-saytlari 2024